add

O‘zbekiston prezidenti 7 mamlakatning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Gretsiya, Indoneziya, Latviya, Fransiya, Rossiya, Yaponiyadan va Tojikistonning favqulodda va muxtor elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

O‘zbekiston prezidenti 7 mamlakatning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

27-noyabr kuni O‘zbekistonga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Gretsiya Respublikasidan Paraskevi Seveleki, Indoneziya Respublikasidan Siti Ruhayni Juxayatin, Latviya Respublikasidan Girts Yaunzems, Fransiya Respublikasidan Valid Fuk, Rossiya Federatsiyasidan Aleksey Yerxov, Yaponiyadan Kendzi Xirata va Tojikiston Respublikasidan Nasriddin Ismatullodan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

photo_9_2025-11-27_18-46-34

Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonda o‘z missiyasini boshlayotgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi. Hozirgi beqaror davrda, butun dunyoda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar keskinlashib borayotgan bir paytda diplomatlarning ishi tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

photo_4_2025-11-27_18-46-34

– Sizlar bir necha oydan buyon yurtimizda bo‘lib, bugungi kunda mamlakatimiz qanday jadal o‘zgarishlar ruhi bilan yashayotganiga va jahon diplomatiya markazlaridan biriga aylanib borayotganiga shaxsan guvoh bo‘lyapsiz, – dedi prezident.

Xususan, 2025 yilda Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishi, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Xalqaro iqlim forumi, UNESCO Bosh konferensiyasining tarixiy sessiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

2025 yilda O‘zbekiston Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 19 pog‘onaga ko‘tarildi va oxirgi 10 yil ichida eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlat qatoriga kirdi. Keyingi sakkiz yilda iqtisodiyot ikki baravardan ko‘proqqa oshdi. Kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha pasaydi.

Shuningdek, prezident O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga alohida minnatdorlik bildirdi.

Marosim yakunida davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy sektor vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.

Xorijiy diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish uchun professional tajribasi va bilimlarini to‘liq safarbar etishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston prezidenti 7 mamlakatning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi | Vaqt.uz