
O‘zbekiston Rossiyadan migrantlar huquqlariga amal qilishni talab qildi
O‘zbekiston rasmiylari Rossiyadagi migratsiya reydlari paytida fuqarolar huquqlari qonun buzilishidan qat’i nazar ta’minlanishi shartligini bildirdi.

Rossiya hududida mehnat faoliyati olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasi rasmiy darajada muhokama qilindi. Eng muhimi, migratsiya reydlari vaqtida inson qadr-qimmatiga tajovuz qilinmasligi prinsipial talab sifatida ilgari surildi.
26-yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, muloqot markazida Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlar huquqlariga rioya etish masalalari turdi.
Migratsiya reydlaridagi huquq buzilishi
Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari o‘tkazilayotgan paytda O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari ta’minlanishi shart ekanini alohida ta’kidladi. Bu talab migratsiya qonunchiligiga rioya qilayotgan fuqarolar bilan bir qatorda, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga ham taalluqli ekani qayd etildi.
«O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari o‘tkazilayotgan jarayonda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining — ham qonunga rioya qilayotgan, ham migratsiya qonunini buzgan fuqarolarning — huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yo‘l qo‘yilmasligi prinsipial ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi», — deyiladi rasmiy xabarda.
Qonuniy mehnat faoliyati masalasi
Tomonlar Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay va shaffof shart-sharoitlar yaratish muhimligini tasdiqladi. Shuningdek, migratsiya jarayonlarini tartibga solishda pragmatik va o‘zaro hurmatga asoslangan yondashuvni saqlab qolishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikni kuchaytirish, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari hamda ikki tomonlama uchrashuvlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.





