add

O‘zbekiston sanoat mahsulotlari hajmi 9 oyda 774 trln so‘mdan oshdi

23.10.2025 | 15:001762

2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakatda 773,8 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foiz ko‘p.

O‘zbekiston sanoat mahsulotlari hajmi 9 oyda 774 trln so‘mdan oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 1 oktyabri holatiga respublikada 57,8 mingta sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orasida eng katta ulush oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga to‘g‘ri keladi — 11,5 ming korxona yoki umumiy soning 20 foizi. Shuningdek, nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish (14,1 foizi), kiyim tikish (9,9 foiz), tayyor metall buyumlar (8,1 foiz) va mebel ishlab chiqarish (6,9 foiz) sohalari ham yuqori faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakat sanoat korxonalari tomonidan 773,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,8 foizga yuqori natijadir. Eng katta hajm Toshkent shahrida qayd etildi — 148,8 trln so‘m. Shu bilan birga, Navoiy (137,3 trln), Toshkent viloyati (118,6 trln) va Andijon viloyati (73,3 trln so‘m) sanoat salohiyati bo‘yicha yetakchilardan hisoblanadi.

Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 20,5 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 124,6 mln, Toshkent shahrida 47,4 mln va Toshkent viloyatida 37,9 mln so‘mga yetgan. Jizzax, Xorazm va Navoiy viloyatlarida o‘sish respublika o‘rtachasidan yuqori bo‘ldi.

Sanoat ishlab chiqarish tarkibida ishlab chiqarish sanoati yetakchilik qilmoqda — 661,7 trln so‘m yoki jami ulushning 85,5 foizi. Tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash — 56,9 trln so‘m (7,3 foiz), elektr, gaz va bug‘ bilan ta’minlash — 50,8 trln so‘m (6,6 foiz), suv ta’minoti va chiqindilarni utilizatsiya qilish esa 4,4 trln so‘mni tashkil etdi.

Ekspertlar fikricha, sanoatdagi o‘sish asosan ichki bozordagi talab, eksport hajmining oshishi va yangi quvvatlarni ishga tushirish bilan izohlanadi.

Teglar

Mavzuga oid