add

O‘zbekiston sanoati: ishlab chiqarishda o‘sishmi yoki inqiroz?

So‘nggi yetti oyda neft va gaz qazib olish keskin pasaydi, benzin ishlab chiqarish ham uchdan birga qisqardi. Avtobozorda esa Cobalt va Damas ko‘rsatkichi yana tushdi.

O‘zbekiston sanoati: ishlab chiqarishda o‘sishmi yoki inqiroz?
2025-yilning avgust oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 59 mingga yaqin sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lum qilgan. Qaysi sohalarda sanoat korxonalari ko‘p? 1

Infografika: Statistika qo‘mitasi

Sanoat korxonalarining yuqori ulushi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning soni 11,9 mingta bo‘lib, umumiy korxonalar sonining 20,2 foizini tashkil etadi. O‘tgan yilning shu davrida uning sanoat tarkibidagi ulushi 12,4 foiz bo‘lgan edi. Ishlab chiqarish hajmi esa 44,7 mlrd so‘mga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 8,4 mingta korxona (14,4 foiz) boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarishga, 6,1 mingta korxona (10,3 foiz) kiyim ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Mashina va uskunalardan tashqari tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish korxonalari 4,7 mingta bo‘lib, ular umumiy miqdorning 8 foizini tashkil qiladi. Mebel ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar ham kam emas, ular 4 mingtadan ortiq. Qariyb 7 foiz ulush mebel sexlari hisobiga to‘g‘ri kelyapti. Qaysi hududda sanoat yuqori? 2

Infografika: Statistika qo‘mitasi

O‘zbekistonda 575,6 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, 108,3 trln so‘mlik mahsulot yaratilgan. Bundan tashqari Navoiy viloyati ham poytaxtdan qolishmaydi. U yerda shu yilning avgust oyi holatiga ko‘ra 104 trln so‘mdan ortiq qiymatdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Eng qizig‘i, o‘tgan yilning shu davrida Navoiy viloyatining ko‘rsatkichi poytaxtnikidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lgan. Ya’ni Navoiyda 75,4 trln so‘mdan ortiq, Toshkent shahrida esa 70,6 trln so‘m atrofida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Eng quyi natijani esa 9,5 trln so‘mlik mahsulot hajmi Surxondaryo viloyati qayd qilgan. O‘tgan yilda ham bu hudud eng past natija (6,1 trln so‘m) qayd qilgan edi. Aholi jon boshiga taqsimot qanday? Yirik sanoat korxonalari joylashgani hisobiga Navoiyda ko‘rsatkichlar yuqori, ya’ni aholi jon boshiga 94 ming 709 so‘mdan tushadi. O‘tgan yilda 69 ming 817 so‘mdan to‘g‘ri kelgan edi. Sanoat mahsulotlari fuqarolar hisobiga Toshkent shahrida 34 ming 630 so‘mdan, Toshkent viloyatida esa 27 ming 373 so‘mdan tushyapti. O‘tgan yilgi raqamlar bilan deyarli katta farq bo‘lmagan (poytaxtda 27 ming, Toshkent viloyatida 23 ming atrofida edi). Sanoat mahsulotlari ulushi 2025-yilning yanvar–iyul oylarida respublikada 667 ming tonna, faqat iyul oyining o‘zida 91,4 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 ming tonna kam. Oxirgi 2 yilda benzin ishlab chiqarish uchdan birga qisqargan. Ma’lumot uchun, avvalroq AI 92 benzini avgust oyi boshidan beri 4,7 foizga, o‘tgan yilning noyabridan buyon 12,6 foizga qimmatlaganini xabar bergan edik. Aniqrog‘i, AYOQSHlarda AI 92 benzini 10 700 so‘mdan, AI-80 narxi esa 9 000 so‘mga yetgan. «Benzin ishlab chiqarish uchun yetarli neftning o‘zi ham yo‘q. Neft qazib olish yana 5,2 ming tonnaga, 55 ming tonnagacha qisqargan», — deydi iqtisodchi Otabek Bakirov. Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish ham yana kamaya boshlagan. Oy davomida 115,4 ming tonna dizel ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,9 ming tonna kam. Gaz qazib olish hajmi esa rekord darajada kamaydi. 2025 yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda 25,3 mlrd metr kub tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan 8 yilning mos davrlari uchun eng kam ko‘rsatkich hisoblanadi. Masalan, gaz qazishda 2024-yil ilk yetti oyidagiga qaraganda (26,2 mlrd metr kub) 3,4 foiz pasayish kuzatilgan. Agar 6 yil oldingi raqamlarga qaralsa, hajmlar hozirgidan 10 mlrd metr kub ko‘p bo‘lganini ko‘rish mumkin. Sodda qilib aytganda, 7 oyda gaz qazib olishning qulashi 884,5 mln kubga yetgan. Qancha yengil avtomobil ishlab chiqarildi? Yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi 2025 yilning yetti oyi davomida 212 156 donaga yetdi. Eng ko‘p ishlab chiqarilgan rusum – Cobalt bo‘lib, jami 83 167 dona ishlab chiqarilgan. Ikkinchi o‘rinda 51 587 dona bilan Damas, uchinchi o‘rinda esa 26 385 dona bilan Tracker turibdi. 3

Infografika: Statistika qo‘mitasi

Qiziqarlisi, Cobalt ishlab chiqarish hajmi to‘rtinchi oy ketma-ket qisqarmoqda. Xuddi shunday «pultopar» Damas ham o‘tgan oyga nisbatan 4 336 taga kam chiqarilgan. 4 «Monopolist UzAuto Motors ta’tilga chiqqanmi, degan taxmin ham to‘g‘ri emas, chunki qimmat Tracker va Onix ishlab chiqarish keskin ko‘paygan. Maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarish 5 600 tagacha oshgan. Demak, foydasi keskin qisqargan monopolist strategiyasida nimadir o‘zgargan», — deb Bakirov blogida yozgan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz jurnalisti Sergeli mashina bozoridagi holatni o‘rganib, bozorda narxlar ham, savdo ham oshganini ma’lum qilgan edi. Bunga asosiy sabab esa avtokreditlar, monopoliya va dollar kursidiki o‘zgarishlar ekani aytilgan edi. Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar avtomobil va to‘y uchun eng ko‘p pul sarflashlarini tahlil qilgan edik. Bu hali hammasi emas. Iyulda elektr energiyasi generatsiyasi ham keskin tushib ketgan. Oy davomida 5 852,7 mln kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning iyuliga nisbatan 1 218,9 mln kVt soat kam. Shu yilning 7 oyida jami 49 389 mln kVt soat elektr energiya ishlab chiqarilgan. Xulosa qiladigan bo‘lsak, benzin ishlab chiqarish, neft va gaz qazib olish ko‘rsatkichlari barchasi qulamoqda. Avtobozorda ham eng ommabop bo‘lgan Cobalt va Damas ishlab chiqarish tushgan, lekin Onix, Tracker va KIA ko‘rsatkichi oshgan.

Mahliyo Hamidova tayyorladi

Teglar

Mavzuga oid