
O‘zbekiston savdo erkinlashuvini yanada kuchaytirishi shart — Si Jinping
18.06.2025 | 15:4030713
Ostonada bo‘lib o‘tgan sammit doirasida Xitoy raisi Si Jinping O‘zbekiston bilan savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda sun’iy intellekt va yashil energiya yo‘nalishlarini rivojlantirishga chaqirdi.
Ostona shahrida o‘tkazilgan Xitoy – Markaziy Osiyo sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Si Jinping ikki tomonlama savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish uchun savdo erkinlashuvini kuchaytirish shart ekanini ta’kidladi.
Xitoy rahbari fikricha, O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlik keng ko‘lamda rivojlanmoqda va bu jarayonni rivojlanish strategiyalarini uyg‘unlashtirish orqali yanada jadallashtirish mumkin. U sun’iy intellekt, yashil energiya, «aqlli» qishloq xo‘jaligi va jamoat sog‘lig‘i kabi yangi sohalarda hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Si Jinping, shuningdek, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini yuqori sifatda qurish, transport bog‘lanishini yaxshilash, madaniy markazlar va ta’lim forumlari orqali xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Xitoyni O‘zbekistonning ishonchli va strategik hamkoridek ta’riflar ekan, Xitoyning kambag‘allikni kamaytirish tajribasini o‘rganish, yashil energiya va ilg‘or texnologiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, u Si Jinpingning xalqaro adolat, tinchlik va global tashabbuslariga qo‘shilishini ma’lum qildi. Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan Si Jinping Xitoy harbiy to‘qnashuvlarga qarshi ekanini ta’kidlab, Isroilning Eronga qarshi harakatlaridan tashvishda ekanini bildirdi va Xitoy tinchlikni ta’minlashda faol ishtirok etishga tayyorligini qayd etdi.





