
O‘zbekiston startap-ekosistemasi Markaziy Osiyoda eng tez rivojlanmoqda
03.07.2025 | 09:456284
Startup Genome hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi yillarda startap-ekosistemani shakllantirish va jahon texnologik sarmoyadorlari e’tiborini jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng tez rivojlanayotgan davlatga aylandi.

Startup Genome tomonidan e’lon qilingan so‘nggi hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston qisqa vaqt ichida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va startap-ekosistemani yaratishda jadal sur’atlarni namoyon etmoqda. Mamlakat 2020 yildagi kichik sarmoyalardan 2024 yilda o‘zining ilk «milliardlik startap» kompaniyasini tashkil etgunga qadar katta natijalarga erishdi.
Hisobotga ko‘ra, bu jarayonda davlat va xususiy sektor o‘rtasida samarali hamkorlik, islohotlar va global innovatsion markazlar bilan bog‘lanish muhim o‘rin tutmoqda. Ayniqsa, IT Park Uzbekistan startaplarni talabalar g‘oyasidan xalqaro loyihalargacha qo‘llab-quvvatlayotgan milliy texnologik markaz sifatida katta rol o‘ynamoqda.
O‘zbekistonda startaplarga kiritilgan investitsiyalar 2020 yildagi 0,3 mln dollardan 2024 yilda 69,5 mln dollargacha o‘sdi. Bu taraqqiyotning eng yirik namunasi Uzum fintex-kompaniyasi bo‘lib, u Series A raundida 52 mln dollar jalb qilib, 1,16 mlrd dollar baholangan «milliardlik startap»ga aylandi.
Mamlakatda faoliyat yuritayotgan venchur fondlar soni 2025 yilda 12 tadan oshdi va ularning umumiy aktivlari 136 mln dollardan ziyodni tashkil etmoqda. Bu fondlar fintex, ta’lim texnologiyalari, sun’iy intellekt va elektron savdo sohalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
IT Park o‘zining Softlanding Program va Local2Global loyihalari orqali xalqaro kompaniyalarga bozorga chiqishda to‘liq qo‘llab-quvvatlash, yuridik yordam va sarmoya jalb qilish imkoniyatlarini yaratadi. Shuningdek, IT Visa dasturi orqali chet el mutaxassislari va investorlarga uch yillik multiviza, ko‘chmas mulk xarid qilish va oila bilan yashash huquqlari beriladi.
Zero Risk dasturi orqali xalqaro kompaniyalarga 12 oy davomida bepul ofis, texnik jihozlar va ish haqi kompensatsiyasi taklif qilinmoqda. Digital Startup dasturi doirasida esa startaplarga 1+1 moliyalash mexanizmi, xalqaro tadbirlarda qatnashish uchun subsidiya va kafolatsiz kreditlar ajratiladi.
2024 yil davomida mamlakat bo‘ylab 50 dan ortiq startap-tashabbuslar, xakatonlar va inkubatsiya dasturlari o‘tkazildi. Prezident Tech Award milliy mukofoti esa 1 mln dollarlik fondi orqali yoshlar va raqobatbardosh startaplarni rag‘batlantirmoqda.





