
O‘zbekiston strategik tahlilchisi SHHTning Afg‘oniston bilan hamkorligini tiklashni taklif qildi
26.05.2025 | 21:0022893
SHHTga a’zo davlatlar analitik markazlari forumida O‘zbekiston vakili Baxtiyor Mustafoyev Afg‘onistondagi inqirozni bartaraf etish va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash uchun Kontakt guruhi faoliyatini qayta tiklashni taklif etdi.

Nyu-Delida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning tahlil markazlari forumining 20-yig‘ilishida O‘zbekistonning Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev Afg‘oniston bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish taklifi bilan chiqdi.
Mustafoyevning ta’kidlashicha, SHHTning Afg‘oniston bo‘yicha Kontakt guruhi mintaqaviy hamkorlik va inqirozlarga javob topishda muhim mexanizm bo‘lib, uning qayta faollashtirilishi mamlakatdagi gumanitar krizisni yumshatish va siyosiy barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Unga ko‘ra, Afg‘oniston bilan aloqalarni faollashtirish mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning kalit omillaridan biri hisoblanadi. Shu bois, SHHTga a’zo davlatlar ushbu masalada o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishi zarur.
Mustafoyev, shuningdek, Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, Termiz shahridagi zamonaviy infratuzilmadan foydalanib, ta’lim, tibbiyot va gumanitar loyihalarni amalga oshirish mumkin.
Forum doirasidagi bu kabi takliflar SHHTning mintaqaviy ahamiyatga ega muammolarga munosabatida yangilangan yondashuvlarni ko‘rsatmoqda. Afg‘onistonda barqarorlikni tiklash bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik SHHT uchun muhim strategik vazifa bo‘lib qolmoqda.





