
O‘zbekiston suv ta’minotini raqamlashtirish uchun OTBdan 125 mln dollar oladi
28.05.2025 | 16:0013433
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga ichimlik suvi ta’minotini raqamlashtirish maqsadida $125 mln miqdorida mablag‘ ajratdi. Loyiha doirasida «aqlli» hisoblagichlar va telemetriya tizimlari joriy etiladi.

O‘zbekiston ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasini raqamlashtirish maqsadida Osiyo taraqqiyot bankidan (OTB) $125 mln mablag‘ jalb qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati 27 may kuni xabar berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sohada amalga oshirilayotgan loyihalar bilan shaxsan tanishgan.
Hozirgi kunda mamlakatda aholining 81 foizi ichimlik suvi, 20 foizi esa oqova suv tizimiga ulangan. Joriy yilda 1619 km ichimlik suvi va 521 km kanalizatsiya tarmoqlari qurish hamda 162 ta inshootni barpo etish va ta’mirlash rejalashtirilgan.
Yangi infratuzilmalar tufayli 715 ming nafar aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkaziladi, 400 mingga yaqini esa kanalizatsiya xizmatiga ulanadi. Umumiy hisobda 21 ta yirik loyiha xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda, joriy yilda ular doirasida $800 millionlik ishlar rejalashtirilgan.
OTBdan ajratilgan $125 millionlik mablag‘ suv tizimini raqamlashtirishga yo‘naltiriladi. Besh yil mobaynida 4800 ta «aqlli» hisoblagich va 3000 ga yaqin telemetriya tizimi magistral quvurlar va yirik inshootlarga o‘rnatiladi. Bu suv iste’molini nazorat qilish va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlik va xususiy sektor bilan sheriklik faollashmoqda. Shu sababli, zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash ham ustuvor vazifa etib belgilangan.





