
O‘zbekiston tarixida ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi
06.06.2025 | 08:3022433
O‘zbekiston milliy jamoasi futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu mamlakat futbol tarixida ilk bor mundialning final bosqichida ishtirok etishni anglatadi.

Temur Kapadze boshchiligidagi jamoa Jahon chempionatiga saralashning uchinchi bosqichida BAA terma jamoasiga qarshi safarda 0:0 hisobida durang qayd etdi. O‘zbekistonga keyingi bosqichga chiqish uchun aynan shu natija yetarli bo‘ldi.
Uchrashuv avvalida hujumchi Oston O‘runov jarohat olib, o‘yinni davom ettira olmadi. Uni Abbosbek Fayzullayev almashtirdi va 53-daqiqada yaqindan bosh bilan urilagan zarbasi darvozaning to‘siniga tegdi. O‘yin davomida darvozabon O‘tkir Yusupov jamoani bir necha bor qutqardi va uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
O‘zbekiston bu natija orqali Osiyo qit’asidan jahon chempionatiga chiqqan Markaziy Osiyoning ilk davlatiga aylandi. Mustaqillikka erishgan 1991 yildan buyon milliy jamoa sakkiz marta mundialga chiqishga uringan, ammo bugungacha muvaffaqiyatga erisha olmagan edi.
Bosh murabbiy Temur Kapadze esa ikki yo‘nalishda tarixga kirdi — u yoshlar termasini yozgi Olimpiadaga, milliy termani esa Jahon chempionatiga olib chiqqan ilk murabbiyga aylandi.
Guruhda 9 o‘yindan so‘ng O‘zbekiston 18 ochko bilan ikkinchi o‘rinda. Birinchi o‘rindagi Eron ham avvalgi turda mundialga yo‘llanma olgan.
O‘zbekistondan so‘ng Osiyo qit’asidan JCH-2026 uchinchi saralash bosqichining ushbu 9-turida Janubiy Koreya va Iordaniya ham JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston milliy jamoasi 10 iyun kuni Toshkentda Qatarga qarshi so‘nggi tur uchrashuvini o‘tkazadi.





