
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi G‘azodagi otashkesimni olqishladi
10.10.2025 | 14:005203
Tashqi ishlar vazirligi AQSH, Misr, Qatar va Turkiyaning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi AQSH prezidenti Donald Trampning bevosita ko‘magi bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha erishilgan kelishuvni olqishladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxonov xabar berdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Misr, Qatar va Turkiyaning mazkur jarayondagi muvofiqlashtirilgan faoliyati hamda ularning muhim roli yuqori baholanadi. Bu sa’y-harakatlar zo‘ravonlikni tez fursatda to‘xtatish, gumanitar inqirozni yengillashtirish va siyosiy muloqotni tiklash uchun muhim zamin yaratayotgani qayd etilgan.
O‘zbekiston tomoni xalqaro huquq me’yorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga asoslanib, Yaqin Sharqda barqaror va adolatli tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Bayonotda, o‘t ochishni to‘xtatish vaqtinchalik chora sifatida emas, balki xavfsizlikni ta’minlash, barqaror hamjihatlikni o‘rnatish va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy yechim sari muhim qadam sifatida qaralishi lozimligi ta’kidlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va gumanitar yordamni ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarga o‘zining konstruktiv hissasini qo‘shishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.





