«O‘zbekiston temir yo‘llari» 1-iyuldan qator xizmatlar narxini oshiradi
1-iyuldan «O‘zbekiston temir yo‘llari» vagonlarni yetkazib berish va olib chiqish xizmatlari tariflarini oshiradi. Shuningdek, manyovr ishlari va logistik xizmatlar uchun yangi narxlar joriy etiladi.
© O‘zbekiston temir yo‘llari«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati 2026 yil 1-iyuldan boshlab vagonlarni yetkazib berish va olib chiqish bo‘yicha shartnomaviy tariflarni oshirish hamda bir qator qo‘shimcha xizmatlar uchun yangi narxlarni joriy etishini.
Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, vagonlarni kirish yo‘llariga yetkazib berish va olib chiqish xizmatlari uchun stavkalar 5 foizga oshiriladi. Shu bilan birga, temir yo‘l korxonasi o‘z lokomotivlari tomonidan bajariladigan manyovr ishlari uchun qat’iy tarifni tasdiqladi. Unga ko‘ra, mazkur xizmat qiymati qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmagan holda 510,8 ming so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, logistika xizmati bilan bog‘liq yangi tariflar ham joriy etilmoqda. Jumladan, tashilayotgan obyektlarni qo‘riqlash xizmati uchun har bir vagonning har bir kilometr yo‘liga QQSsiz 1386 so‘mdan haq olinadi.
Yuk kuzatuvchisi xizmati uchun esa har bir vagonning har bir kilometr masofasiga 100 so‘m miqdorida to‘lov belgilandi. Shu bilan birga, kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari ijobiy o‘sishni namoyon etmoqda. 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning sof foydasi 478 milliard so‘mdan oshdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravardan ko‘proq o‘sishni anglatadi.
Hisobot davrida kompaniyaning umumiy tushumi 4,76 trillion so‘mga yetgan. Bunda korxona jami xarajatlarini 15,9 foizga qisqartirishga erishgan.





