
O‘zbekiston temir yo‘llarini raqamlashtirish YeTTB ko‘magida amalga oshiriladi
O‘zbekiston Prezidenti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti bilan uchrashdi.

Davosdagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ushbu yetakchi moliya instituti bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Bankning O‘zbekiston bilan hamkorligi barqaror strategik tusga ega. O‘zbekiston YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda. Bankning investitsiyalari hajmi qariyb 7 milliard dollarga yetdi.
2025 yilda amaliyotlar, shu jumladan, xususiy sektorga yo‘naltirilgan mablag‘larning hajmi 1 milliard dollardan oshdi.
YeTTBning «yashil» energiyani rivojlantirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik dasturlarni amalga oshirish, moliya bozorini isloh qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi.
Joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temir yo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish hamda boshqa masalalar belgilab olindi.
Ayollar va yoshlarni zamonaviy kasblar va biznesga o‘qitish bo‘yicha dasturlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.





