
O‘zbekiston TIV rahbari Kobulda «Tolibon» vazirlari bilan uchrashdi
17.07.2025 | 22:305623
Baxtiyor Saidov Kobulda «Tolibon» tashqi va ichki ishlar vazirlari bilan uchrashib, xavfsizlik, iqtisod va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi.

2025 yil 17 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Kobulda Afg‘onistondagi «Tolibon» muvaqqat hukumatining yuqori darajadagi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda Saidov o‘zining rasmiy Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, dastlabgi siyosiy maslahatlashuvlar Afg‘onistonning tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan bo‘lib o‘tgan. Muzokaralarda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, suv resurslarini boshqarish, iqtisodiy aloqalar, ta’lim sohasini rivojlantirish va madaniy merosni tiklash kabi masalalar muhokama qilingan.
Baxtiyor Saidov O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonning tinchlik va barqarorlik sari qadamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda uni xalqaro jarayonlarga integratsiyalashuvi uchun harakatlar davom ettirilishini ta’kidlagan.
Shuningdek, Saidov «Tolibon»ning ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Xalifa Sirojiddin Haqqoniy bilan ham alohida uchrashdi. Unda xavfsizlik, huquqni muhofaza qilish va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘tarildi.
O‘zbekiston TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ichki xavfsizlikni yaxshilash va giyohvand moddalar ishlab chiqarishga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etilgan.





