
O‘zbekiston–Tojikiston chegarasida jami 26 kg narkotik musodara qilindi
19.05.2025 | 13:306063
Davlat xavfsizlik xizmati Tojikistondan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilgan salkam 27 kg narkotik moddani musodara qildi, bir nechta shaxs qo‘lga olindi.

Toshkent viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va bojxona idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston fuqarosi gashish bilan ushlandi. 1986 yilda tug‘ilgan shaxs O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tayotganda qo‘lga tushgan. Uning sumkasidan 14 kg 584 g gashish moddasi topilgan. Bu moddani buyurtma qilgan shaxs Farg‘ona viloyati, Toshloq tumanida qo‘lga olindi.
Boshqa bir holatda, Bekobod tumanida 9 kg 467 g opiy bilan yana bir shaxs ushlandi. Aniqlanishicha, bu modda Tojikistondan kurer orqali olib kelingan bo‘lib, uni Denovlik fuqaro Toshkent viloyatiga yetkazgan.
Qo‘qon shahrida esa «Farg‘ona–Qo‘qon» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lacetti» avtomobilida yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaroning bel qismidan 1 kg 759 g gashish moddasi topildi. Farg‘ona shahrida «Zaporojets» mashinasida esa 995 g gashish aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 26 kg 805 g narkotik moddalar musodara qilindi. Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda





