
O‘zbekiston–Tojikiston chegarasidagi 2 ta bojxona posti ochilmoqda
09.08.2025 | 20:458373
10 avgustdan boshlab «Bekobod avto» va «Xovosobod» punktlari orqali uchinchi davlat fuqarolari hamda yengil avtomobil o‘tkazishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida imzolangan «Davlat chegarasi orqali o‘tkazish puntklari to‘g‘risida»gi bitim asosida chegaradan o‘tish imkoniyatlari kengaytirildi.
Bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2025 yil 10 avgust soat 6:00 dan e’tiboran Toshkent viloyatidagi «Bekobod avto» va Sirdaryo viloyatidagi «Xovosobod» chegara-bojxona postlari orqali uchinchi davlat fuqarolari hamda yengil avtotransport vositalari harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu qaror ikki davlat o‘rtasidagi transport va insonlar almashinuvini yanada erkinlashtirish maqsadida qabul qilingan.
Mazkur tartibning joriy etilishi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Xususan, ikki mamlakat hududlari orqali o‘tuvchi tranzit yo‘nalishlarda harakat qilish imkoniyati kengayadi.
Chegaradan o‘tish tartiblari amaldagi bojxona va chegara qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarish sayohat va savdo aloqalarini faollashtirishga, shuningdek, yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishga yo‘naltirilgan.
Hozircha bu postlardan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari o‘ta olishmaydi. Postdan faqat uchinchi davlat fuqarolari va avtotransport vositalari o‘tkaziladi.





