
O‘zbekiston Tojikistondan qancha elektr energiyasi sotib olgani ma’lum bo‘ldi
2025 yilda Tojikistonning O‘zbekistonga elektr energiyasi eksporti sezilarli o‘sib, qariyb 900 million kW/hni tashkil etdi.

2025 yilda Tojikiston O‘zbekistonga 894,7 million kW/h elektr energiyasi yetkazib berdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan sezilarli o‘sganini va mamlakatning mintaqaviy energetika bozoridagi ishtirokini yanada kuchaytirganini ko‘rsatadi.
Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning umumiy elektr energiyasi eksporti 2025 yilda 5,36 milliard kW/hga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 37,3 foizga yoki 1,45 milliard kW/hga ko‘pdir. Eksport hajmining bunday o‘sishi asosan gidroenergetika salohiyatidan faol foydalanish bilan bog‘liq.
Tojikiston elektr eksportidan qancha daromad olgan?
Xususan, uch davlatga amalga oshirilgan tijorat eksporti 2,67 milliard kW/hni tashkil etgan bo‘lib, uning qiymati 912,8 million somoniyga, ya’ni taxminan 100 million AQSH dollariga teng bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich Tojikiston uchun elektr energiyasi eksporti muhim valuta manbaiga aylanayotganini anglatadi.
Eksport geografiyasida Afg‘oniston yetakchi bo‘lib, ushbu davlatga 1,76 milliard kW/h elektr energiyasi yetkazib berilgan. Ushbu hajm 742,3 million somoniy yoki 79,5 million dollarga baholangan. O‘zbekiston esa 894,7 million kW/h bilan ikkinchi o‘rinni egallab, bu yetkazib berishlar qiymati 169,8 million somoniy, ya’ni 18,19 million dollarga teng bo‘ldi.
Shuningdek, Qirg‘izistonga 11,5 million kW/h elektr energiyasi eksport qilingan bo‘lib, uning qiymati 1,2 million somoniyni tashkil etgan. Eksport qilingan elektr energiyasining 90 foizdan ortig‘i daryolar suv oqimi yuqori bo‘lgan aprel–sentabr oylariga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, 2025 yilda Tojikistonning elektr energiyasi importi ham oshgan. Import hajmi 2,7 milliard kW/hni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 67 foizga ko‘paygan. Uning asosiy qismi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.





