add

O‘zbekiston «Tolibon» bilan bog‘landi

Alisher Navoiy haykali buzilishi ortidan O‘zbekiston «Tolibon» muvaqqat hukumatidan izoh so‘radi.

O‘zbekiston «Tolibon» bilan bog‘landi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistondagi «Tolibon» muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrida yashagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning haykalini butunlay buzib tashlagani yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida «Tolibon» muvaqqat hukumati vakillari bilan bog‘landi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov xabar berdi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan. Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirgan. Bundan tashqari, Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun mo‘’tabar bo‘lgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga va’da bergan. «Jumladan, Afg‘oniston vakillari hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlarni tiklash, amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qo‘yilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Afg‘oniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli bo‘lgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qat’iy sodiqligini bildirgan holda, uning nomini munosib e’zozlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston «Tolibon» bilan bog‘landi | Vaqt.uz