
O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdoni hajmini 1 mlrd dollarga olib chiqmoqchi
19.06.2025 | 14:1044583
Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan hukumatlararo komissiya yig‘ilishida O‘zbekiston va Belarus ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 mlrd dollargacha ko‘tarishga kelishib oldi. Bu haqda Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, bu ulkan vazifa ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan va aniq natijalar kutilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil yakunida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 14,8 foizga o‘sib, 620,1 mln dollarga yetgan.
O‘zbekiston asosan sanoat tovarlari, tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat mahsulotlari va transport jihozlarini eksport qilmoqda. Belarusdan esa oziq-ovqat, mashinalar, kimyoviy moddalar va sanoat xomashyosini import qilmoqda.
O‘zbekiston bosh vazir o‘ribosari Achilbay Ramatov qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni mahalliylashtirish va eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni tashkil etish orqali kooperatsiyani yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishbilarmonlar kengashi faoliyati ham rivojlantiriladi.
Agrosanoat, mashinasozlik, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida qayd etildi. Shuningdek, logistika va mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga yetkazish masalalariga ham e’tibor qaratiladi.
Yaqinda Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov Termizga tashrif buyurib, o‘zbekistonlik hamkasbi Baxtiyor Saidov bilan «Termiz xalqaro savdo markazi» orqali Afg‘oniston yo‘nalishidagi savdo yo‘llarini kengaytirish masalasini muhokama qildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ilmiy-texnik almashinuv sohalaridagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Minsk O‘zbekiston bozorida o‘z ishtirokini eksport va investitsiya loyihalari orqali kengaytirishga tayyorligini bildirdi.





