
O‘zbekiston va Ozarboyjon kripto-bozorni birgalikda tartibga solmoqchi
O‘zbekiston va Ozarboyjon nafaqat harbiy va siyosiy, balki zamonaviy moliyaviy texnologiyalar sohasida ham yaqin ittifoqchiga aylanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Ozarboyjon Respublikasi Markaziy banki kapital bozorlari, sug‘urta va kripto-aktivlar aylanmasini rivojlantirish, tartibga solish hamda nazorat qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tomonlar o‘zaro tajriba va ma’lumot almashish, qo‘shma forumlar, seminarlar, treninglar va onlayn uchrashuvlar o‘tkazish, qonunchilik va statistik ma’lumotlar bilan bo‘lishish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini va o‘quv tashriflarini amalga oshirishga kelishib olgan.
Fintex va innovatsiyalarga urg‘u
Memorandumda «innovatsion moliyaviy texnologiyalar»ni rivojlantirishga, shuningdek, «moliyaviy inklyuzivlik va operatsion samaradorlikni oshirish»ga alohida e’tibor qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, mamlakatlar moliya bozorlarining sezuvchan va tez o‘zgaruvchan segmentlarida — kapital va sug‘urtadan tortib, fintex va kripto-aktivlargacha bo‘lgan sohalarda muvofiqlashtirishni kuchaytiradi.
Geosiyosiy va iqtisodiy yaqinlashuv
Ushbu hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli aloqalarning mantiqiy davomidir.
2025 yilning noyabr oyida Ozarboyjon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvining to‘laqonli ishtirokchisiga aylangan edi.
Dekabr oyida Ozarboyjon va O‘zbekiston 2026 yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik rejasini imzolagan.





