
O‘zbekiston va Qatar yoshlar ta’limi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
28.05.2025 | 15:3012043
26–27 may kunlari Qatarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasida ta’lim, sog‘liqni saqlash va yoshlar bilan ishlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi maslahatchisi Maxlisa Aminova 26–27 may kunlari Qatar Davlatiga amaliy tashrif bilan bordi. Safar doirasida u mamlakatning qator muhim davlat va jamoat tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida Qatar Tashqi ishlar vazirligi, Qatar taraqqiyot fondi, Qatar Charity tashkiloti, Vaqf ishlari bo‘yicha bosh boshqarma va Doxa fan va texnologiya universiteti rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va yoshlarning kasbiy malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro tajriba almashish va yuqoridagi sohalar bo‘yicha sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi. Uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida qayd etilmoqda.





