
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qozog‘istonga suv beradi
11.08.2025 | 11:0046553
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qozog‘iston janubida suv yetishmovchiligini kamaytirish uchun 600 mln metr kub suv yuboradi. Bu vegetatsiya davri tugaguniga qadar amalga oshiriladi.

7 avgust kuni Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Qanat Bozumbayev hukumat brifingida ma’lum qilishicha, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishdagi mavjud vaziyat tezkor choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Avvalgi davlatlararo kelishuvlar asosida zarur suv hajmi yuboriladi.
Unga ko‘ra, joriy vaqtda suv yetkazib berish jadvalidan 1 mlrd metr kubdan ortiq kechikish qayd etilgan. Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlarida suv omborlari hamda tumanlardagi holat o‘rganilgan, fermerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Bozumbayev vaziyat murakkab bo‘lishiga qaramay, uni talafotsiz o‘tkazishga harakat qilishlarini aytdi.
Shuningdek, u Markaziy Osiyoda joriy yildagi noqulay iqlim sharoitini ta’kidlab, suv kamligi, yuqori harorat va yog‘ingarchilik yetishmasligi suv oqimini kamaytirganini bildirdi. Bu holat suv sarfini oshirib, qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha qiyinchiliklar keltirgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Sirdaryo, Chu va Talas daryolari hamda ayrim kanallarda suv o‘tkazuvchanligi odatdagidan 30–40 foizgacha pasaygan. Bu esa mintaqada suv bilan ta’minlashda qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.





