
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo 1,5 mlrd dollarga yaqinlashdi
27.05.2025 | 08:0017593
2025 yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 1,4 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 168 mln dollarga ko‘p.

«Qazinform» nashri ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanilgan holda e’lon qilingan. Yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi 24,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,3 foiz ko‘pdir.
O‘zbekiston hozirda jahonning 183 mamlakati bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Savdo hamkorlari orasida Xitoy yetakchilik qilmoqda — ikki tomonlama aylanma 4,1 mlrd dollarni (umumiy hajmning 17 foizi) tashkil etgan. Undan keyin Rossiya (3,7 mlrd dollar yoki 15,1 foiz) va so‘ngra Qozog‘iston joy olgan.
Qo‘shni Qozog‘iston bilan savdoda O‘zbekiston birinchi chorakda 405,7 mln dollarlik mahsulot eksport qilgan, import hajmi esa 986,8 mln dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar barqaror o‘sishda ekanini ko‘rsatadi.
Bundan avval, «Kursiv» nashri ham O‘zbekistonning to‘rt oylik tashqi savdo aylanmasi 24,6 mlrd dollarga yetgani haqida xabar qilgan edi.





