
O‘zbekiston va Rossiya dronlari shartli dushmanni yo‘q qildi
17.07.2025 | 20:401312
O‘zbekiston va Rossiya harbiylari qo‘shma taktik mashg‘ulotlari doirasida shartli dushmanning texnika va tirik kuchini aniqlash hamda yo‘q qilish bo‘yicha amaliy mashqlarni o‘tkazdi. Unda razvedka-dronlar va hujumchi FPV dronlar orqali havodan zarbalar berilib, chegaradagi tahdidlarga qarshi qanday harakat qilinishi sinovdan o‘tkazildi.

16 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi «Hamkorlik–2025» nomli taktik o‘quv mashg‘ulotlarining navbatdagi bosqichi haqida ma’lumot berdi. Unda Rossiya va O‘zbekiston qurolli kuchlarining dron operatorlari shartli dushmanni aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha birgalikda harakat qildi.
Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, chegara hududida noqonuniy qurolli tuzilmalarga mansub bronetexnika harakati aniqlangan. Joydagi BPLA operatorlari «Muravey» turkumidagi razvedka-dronlari hamda «PVX» rusumli FPV-zarba dronlarini ishga tushirib, dushman texnikasi va tirik kuchini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda 201-harbiy baza jangchilari yerdagi «KTZ» robot-kompleksi orqali jarohatlanganlarni evakuatsiya qilish va yuk yetkazib berish vazifalarini bajargan.
Ta’kidlanishicha, «Hamkorlik–2025» o‘quv mashg‘ulotlari ikki davlat qurolli kuchlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy qurol-aslahalardan birgalikda foydalanish va chegara xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.





