
O‘zbekiston va Rossiya «Hamkorlik-2025» qo‘shma mashg‘ulotlarini boshlaydi
14.07.2025 | 11:0038503
15 iyuldan 21 iyulgacha Termiz poligonida O‘zbekiston va Rossiya harbiylari ishtirokida «Hamkorlik-2025» qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Mashg‘ulotlarda noqonuniy qurolli tuzilmalarga qarshi qo‘shma harakatlar amalga oshiriladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, harbiylar chegarani buzgan qurolli guruhlarni aniqlash va yo‘q qilish, egallab olingan ob’ektlar va aholi punktlarini ozod etish, joylarda tozalash ishlarini olib borishni mashq qiladi. Mashg‘ulotlarda maxsus texnika, razvedka dronlari va zarba vertolyotlari ishtirok etadi.
Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi bo‘linmalari mashg‘ulotlarda asosiy kontingent sifatida qatnashmoqda. Bu baza Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy ob’ekti hisoblanadi va Dushanbe hamda Boxtar shaharlarida joylashgan. Uning tarkibida motoo‘qchi, tank, artilleriya, razvedka va aloqa bo‘linmalari faoliyat yuritadi.
Rossiyalik harbiy xizmatchilar Tojikiston va O‘zbekiston tog‘ hududlari orqali 300 km masofani bosib o‘tib, Termiz poligoniga yetib keldi. Ular orasida shturm guruhlari, radioelektron kurash bo‘linmalari va FPV dronlarini boshqaruvchi guruhlar bor.
Mashg‘ulotlar ikki davlat harbiy hamkorligini mustahkamlash, jangovar shaylikni oshirish va chegara xavfsizligini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda. Bu turdagi mashg‘ulotlar ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.





