
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni havo qatnovi bitimini tasdiqladi
03.08.2025 | 10:302263
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida havo qatnovini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam qo‘yildi.
2025 yil 30 iyulda Prezidentning PQ–241-son qarori bilan ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim rasman tasdiqlandi.
Mazkur bitim 2024 yil 22 oktyabrda Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda imzolangan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar tashkil etish, yo‘lovchi va yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda aviatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Qarorga asosan, bitimni amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Transport vazirligi belgilandi. Vazirlik hamkor mamlakat aviakompaniyalari bilan yo‘nalishlar, parvozlar soni va shartlarini kelishish ishlarini olib boradi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirlik hamda idoralar shartnoma kuchga kirgandan so‘ng uning qoidalarining to‘liq va samarali amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bu qadam ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, turistik va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, ushbu kelishuv nafaqat Saudiya Arabistoniga ziyorat va turizm oqimini oshiradi, balki O‘zbekistonning xalqaro avia bozoridagi pozitsiyasini ham mustahkamlaydi.





