O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya bo‘yicha ikki muhim hujjatni imzoladi
O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi, akademik almashuvlar hamda qonuniy mobillikni rivojlantirishga qaratilgan yangi kelishuvlarni imzoladi.
© TIV matbuot xizmatiO‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov 10-iyun kuni Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining xalqaro rivojlanish hamkorligi va tashqi savdo bo‘yicha davlat kotibi Diana Yanse bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim, innovatsiyalar, farmatsevtika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Migratsiya sohasida yangi bosqich
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri migratsiya sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. Tomonlar xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani ta’minlash, mehnat migrantlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda konsullik xizmatlarini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, migrantlarning huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy masalalar muhokamasida esa ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish va shved kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolandi.
Shu bilan birga, qonuniy migratsiya va akademik almashuvlarni osonlashtirishga qaratilgan migratsiya va mobillik pilot dasturini tashkil etish bo‘yicha Qo‘shma anglashuv deklaratsiyasi ham qabul qilindi.





