add

O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik kengayadi

Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso o‘rtasidagi muzokaralarda iqtisodiy, sanoat, ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida strategik kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik kengayadi
9 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso o‘rtasida rasmiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, xususan, eksport-import mahsulotlari turini kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi. O‘zbekiston tomonidan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, kimyo, polimer va elektronika mahsulotlari taklif etilsa, Slovakiya tomonidan rezina, avtomobil qismlari va farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berilishi ko‘zda tutilmoqda. Ikki tomonlama sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, agrosanoat, avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirish, farmatsevtika ishlab chiqarish, yashil energetika va turizm sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Muzokaralarda ta’lim sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, akademik almashinuvni kuchaytirish, qo‘shma tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xususan, Bratislavadagi Komenskiy universiteti ishtirokidagi loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, tashkiliy mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Slovakiya tomoni ushbu yo‘nalishda tizimli hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid