
O‘zbekiston va Slovakiya strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi
10.06.2025 | 08:0020163

Toshkentdagi rasmiy uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik maqomiga ega bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso ushbu maqsadda qo‘shma deklaratsiya imzoladilar.
Muzokaralar doirasida ikki mamlakat o‘rtasida bir qator muhim hujjatlar almashildi. Ular orasida diplomatik kadrlar tayyorlash, qishloq xo‘jaligi, standartlashtirish va metrologiya, energetika bozorlarini tartibga solish sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar bor. Shuningdek, 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari va standartlashtirish sohasidagi dasturlar tuzildi.
Slovakiya shu tariqa O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi uchinchi strategik sherigiga aylandi. Bungacha Fransiya va Vengriya bilan shunga o‘xshash maqomdagi munosabatlar o‘rnatilgan edi.
Tashrif doirasida Slovakiya delegatsiyasi IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi. Bu uchrashuv ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumki, Slovakiya dunyoda jon boshiga to‘g‘ri keladigan avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Mamlakatda Volkswagen, Peugeot, Volvo va Jaguar kabi yirik avtomobil kompaniyalari ishlab chiqarish bazasiga ega. Shu bois, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ham bu sohada yuqori talab mavjud.





