
O‘zbekiston va Sloveniya strategik hamkorlikni kengaytiradi
22.05.2025 | 20:458665
Lyublyanada bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev va Natasha Pirs Musar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishdilar.

Sloveniya poytaxti Lyublyanadagi Prezident saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar ishtirokida rasmiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida tashkil etildi.
Davlat rahbari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi 20 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan oliy darajadagi tadbir ikki mamlakat munosabatlarida yangi davrni boshlab berishi ta’kidlandi. Muzokaralar chog‘ida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ta’lim sohalaridagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar oshgani qayd etildi. O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan. Endilikda tovar turlarini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hisobiga savdo hajmini 500 million yevroga yetkazish maqsad qilingan.
O‘zbekistondan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va sanoat tovarlari yetkazib berish, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, texnologiyalar va uskunalar olib kirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. «Koper» porti logistika xabi sifatida YeI bozoriga chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori vositalarini mahalliylashtirish, energetika ob’ektlarini qurish va modernizatsiya qilish yuzasidan aniq loyihalar rejalashtirildi.
Mehnat migratsiyasi sohasida «Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim»ni tayyorlash va uni amalga oshirish uchun til va kasbiy ko‘nikmalarga doir o‘quv dasturlari ishlab chiqishga kelishib olindi. Qishloq va tog‘li hududlarda turizmni rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.
Ta’lim sohasida diplomlarni o‘zaro tan olish, Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yiladi. 2025 yili Toshkentda ikki mamlakat yoshlari ishtirokida innovatsion loyihalar forumi o‘tkaziladi.
Gumanitar almashinuv doirasida madaniyat kunlari va Lyublyanada O‘zbek kinosi haftaligini o‘tkazish rejalashtirilgan. Barcha kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida iyul oyida Hukumatlararo komissiyaning ilk yig‘ilishi Lyublyanada o‘tkaziladi.
Uchrashuv yakunida Prezident Mirziyoyev Sloveniya yetakchisi Natasha Pirs Musarni O‘zbekistonga javob tashrifi bilan kelishga taklif etdi.





