Logo

O‘zbekiston va Tojikiston sayohatga qiziqishning o‘sishi bo‘yicha yetakchiga aylandi

Kecha 14:553 daqiqa

Har ikki mamlakat bo‘yicha sayohat haqidagi qidiruvlar soni 64 foizga oshgan.

O‘zbekiston va Tojikiston sayohatga qiziqishning o‘sishi bo‘yicha yetakchiga aylandi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston va Tojikiston sayohatga bo‘lgan qidiruv qiziqishi eng tez oshgan davlatlar qatoridan joy oldi. Bu haqda «Amadeus» kompaniyasining BMTning Jahon turizm tashkiloti (UN Tourism) bilan hamkorlikda tayyorlagan «Travel Insights 2026: Focus on Europe» hisobotida so‘z boradi.

Har ikki mamlakat bo‘yicha sayohat haqidagi qidiruvlar soni 64 foizga oshgan. Tojikiston va O‘zbekiston ko‘rib chiqilgan yo‘nalishlar orasida qidiruv so‘rovlari sonining eng yuqori o‘sishini ko‘rsatgan. «Amadeus» bu holatni sayohatchilar an’anaviy turistik markazlardan tashqariga chiqib, yangi maskanlar, haqiqiy mahalliy tajribalar, tabiiy diqqatga sazovor joylar va kam tanilgan yo‘nalishlarni tobora ko‘proq izlayotgani bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, bu ko‘rsatkich aynan qidiruv qiziqishini anglatadi — ya’ni foydalanuvchilarning aviachipta va sayohatlarni rejalashtirish paytidagi qidiruvlari nazarda tutilgan. Bu real bronlar soni yoki mamlakatga kelgan sayyohlar sonining o‘sishini anglatmaydi.

Mashhurroq yo‘nalishlar orasida ham qidiruv talabining sezilarli o‘sishi qayd etilgan. Jumladan, Shveysariya va Shvetsiya bo‘yicha qiziqish 36 foizga, Daniya bo‘yicha 34 foizga, Irlandiya bo‘yicha 33 foizga, Belgiya bo‘yicha 32 foizga va Norvegiya bo‘yicha 31 foizga oshgan.

«Amadeus» mutaxassislarining fikricha, bu tendensiya milliy turizm tashkilotlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. O‘sib borayotgan qiziqishni aniq yo‘naltirilgan reklama kampaniyalari, kam tanilgan sayyohlik obyektlari va yangi yo‘nalishlarni targ‘ib qilish, shuningdek, aviakompaniyalar hamda xorijiy turoperatorlar bilan hamkorlik orqali real sayohatlarga aylantirish mumkin.

Sayyohlar tobora ko‘proq yangi yo‘nalishlarni tanlamoqda

Umuman olganda, Yevropa turizm bozori o‘sishda davom etmoqda. 2025-yil may oyidan 2026-yil aprel oyigacha bo‘lgan davrda Yevropaga yo‘lovchi oqimi avvalgi yilning xuddi shu davriga nisbatan 2,3 foizga oshgan. Mehmonxonalarning bandlik darajasi 2 foizga o‘sgan, xonalarning o‘rtacha sutkalik narxi esa 7 foizga qimmatlagan. «Amadeus» ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 12 oy davomida Yevropadagi mehmonxona xonasining o‘rtacha narxi qariyb 215 dollarni tashkil etgan. 2025-yil iyun oyida esa bu ko‘rsatkich eng yuqori darajaga — 249 dollarga yetgan.

UN Tourism Jahon turizm barometri ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida Yevropaga xalqaro sayyohlik tashriflari soni 4 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish — 6 foiz — Markaziy va Sharqiy Yevropada qayd etilgan. Shimoliy, shuningdek, Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi hududlarida tashriflar soni 4 foizga, G‘arbiy Yevropada esa 2 foizga ko‘paygan. Yevropaning yetakchi turizm bozorlari orasida sayohat bronlari soni eng tez Chexiya va Islandiyada oshgan — mos ravishda 9 va 7 foizga. Bu shahar sayohatlari, boy madaniy dasturlar hamda tabiat qo‘ynidagi dam olish yo‘nalishlariga qiziqish kuchayayotganini ko‘rsatadi.

Yevropa turizmi uchun eng istiqbolli bozorlardan biri Yaponiya bo‘ldi. Bu mamlakatdan amalga oshirilgan sayohat qidiruvlari soni 62 foizga, bronlar esa 12 foizga oshgan. Ayniqsa, yapon sayyohlarining Markaziy va Sharqiy Yevropaga qilgan bron qilingan safarlari sezilarli darajada ko‘payib, 28 foizga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki besh oyida turizm qanday rivojlangani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid