
O‘zbekiston va Vengriya atom energetikasida hamkorlikni kuchaytirmoqda
21.05.2025 | 13:3032163
O‘zatom agentligi va Vengriyaning MVM EGI Zrt. davlat korxonasi o‘rtasida atom energetikasi sohasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu ikki davlat o‘rtasida yadroviy texnologiyalar yo‘nalishida uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlaydi.

«O‘zatom» agentligi va Vengriyaning MVM EGI Zrt. davlat korxonasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi hamda anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasida yadroviy texnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, qurilish ob’ektlari uchun sovitish tizimlarini yetkazib berishni nazarda tutadi.
Shuningdek, hujjatlarda mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmlari belgilangan. Bu hamkorlik O‘zbekistonning energetika salohiyatini oshirishga va zamonaviy yadroviy texnologiyalarni joriy qilishga xizmat qiladi.
MVM EGI Zrt. 1948 yilda tashkil etilgan bo‘lib, energetika sohasida yuqori texnologik yechimlar ishlab chiqish va ularni xalqaro bozorda joriy etish bo‘yicha katta tajribaga ega.
Bu hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19-20 may kunlari Vengriyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida imzolandi va ikki davlat munosabatlarini yanada mustahkamladi.
Yig‘ilgan tajriba va ilg‘or texnologiyalar orqali O‘zbekistonda atom energetikasi sohasini rivojlantirishda yangi bosqich ochilishi kutilmoqda.





