
O‘zbekiston va Xitoy strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
17.06.2025 | 15:0026083
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Jinping Toshkent va Pekin o‘rtasidagi strategik hamkorlik, investitsiyalar, savdo va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan muzokara o‘tkazdilar.
2025 yil 17 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinping o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida do‘stlik va barqaror strategik sheriklik munosabatlarining so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan darajaga chiqqanini qayd etdilar.
Muzokaralarda 2024 yilda Mirziyoyevning Xitoyga qilgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, savdo aylanmasi 14 mlrd dollarga yetgan bo‘lsa, investitsiya loyihalari portfeli 60 mlrd dollardan oshib ketdi. «BYD» elektromobillari ishlab chiqarish kengaymoqda, qo‘shma texnoparklar va industrial zonalar muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
Har ikki tomon energetika, kimyo, farmatsevtika, sun’iy intellekt va raqamlashtirish, «aqlli» qishloq xo‘jaligi va logistika kabi yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishda manfaatdor ekanini bildirdi. Olimpiya shaharchasi qurilishida Xitoy Eksimbanki ishtirok etmoqda, shuningdek, Toshkentda mazkur bankning mintaqaviy filiali ish boshladi.
Ta’lim va fan sohasidagi hamkorliklar ham kengaymoqda: Urganchda Pekin universiteti bilan Xalqaro matematika markazi tashkil etilgan. Xitoyning qishloq xo‘jaligi universiteti filiali O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda, shuningdek, «Lu Ban ustaxonalari» professional ta’lim tizimi joriy etilyapti.
Xalqaro tashkilotlar doirasida, jumladan, BMT, SHHT va «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatlarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. E’tiborli jihat – O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani haqida bayonnoma imzolandi.





