add

O‘zbekiston Xitoy orqali yangi internet kanalini ulashni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Xitoy orqali global internet tarmog‘iga yana bir tashqi aloqa kanalini ulashni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus mamlakatning raqamli infratuzilmasini mustahkamlash va aholini yuqori sifatli internet bilan ta’minlashga qaratilgan.

O‘zbekiston Xitoy orqali yangi internet kanalini ulashni rejalashtirmoqda
Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshidagi Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, yangi kanal Xitoy orqali optik tolali aloqa magistralini qurishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, mazkur loyiha davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan va Markaziy Osiyo—Xitoy hamkorligi sammitida ham alohida qayd etilgan. Yo‘ldoshev ta’kidlaganidek, yangi aloqa magistrali nafaqat O‘zbekistonning xalqaro internet tarmog‘iga qo‘shimcha ulanishini ta’minlaydi, balki mavjud aloqa yo‘nalishlarini zaxiralash imkonini ham beradi. Bu esa internet sifatini yaxshilash, uzilishlar ehtimolini kamaytirish va ma’lumot uzatish tezligini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda, mamlakatda «Aqlli shahar», «Xavfsiz shahar» va «Aqlli logistika» tashabbuslari doirasida telekommunikatsiya transport tarmog‘ini kengaytirishga qaratilgan ikkita yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar internet infratuzilmasini zamonaviylashtirishga va raqamli iqtisodiyot uchun poydevor yaratishga xizmat qiladi. Yangi kanalning ishga tushirilishi O‘zbekistonning jahon axborot maydoniga integratsiyasini yanada kuchaytiradi. Bu nafaqat aholi, balki tadbirkorlar va davlat xizmatlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston Xitoy orqali yangi internet kanalini ulashni rejalashtirmoqda | Vaqt.uz