add

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 9 oyda 7,6 foizga o‘sdi

27.10.2025 | 12:252641

2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekiston YAIM hajmi 1 303 702,1 milliard so‘mga yetgan va bu o‘tgan yilga nisbatan 7,6 foizga ko‘p.

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 9 oyda 7,6 foizga o‘sdi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) joriy narxlarda 1 303 702,1 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 7,6 foizga yuqori.

Shu davrda sanoat tarmog‘ining o‘sishi 6,8 foizni tashkil qildi va YAIM o‘sishiga 1,7 foiz punkt miqdorida ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 3,6 foizlik o‘sish kuzatilib, umumiy iqtisodiy o‘sishga 0,6 foiz punkt qo‘shdi.

Qurilish sohasi ham iqtisodiyotdagi faollikni kuchaytirdi — sohadagi ishlar hajmi 14,2 foizga oshdi va YAIM o‘sishiga 1 foiz punkt hissa qo‘shdi. Bu sohadagi barqaror o‘sish mamlakatdagi infratuzilmaviy loyihalar kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Xizmatlar ko‘rsatish sohasida eng yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi — 8,7 foiz. Savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlari 10,6 foizga, transport, saqlash hamda axborot va aloqa xizmatlari 14,6 foizga o‘sdi. Ushbu yo‘nalishlar YAIM o‘sishiga 4 foiz punkt miqdorida ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, mahsulotlarga qo‘shilgan sof soliqlar hajmi 6,9 foizga ko‘payib, iqtisodiy o‘sishga yana 0,3 foiz punkt hissa qo‘shdi. Mamlakat iqtisodiyotining barcha asosiy tarmoqlaridagi bunday o‘sish O‘zbekistonning ichki bozori faolligini va investitsion muhit barqarorligini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 9 oyda 7,6 foizga o‘sdi | Vaqt.uz