
O‘zbekiston Yaponiya bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
29.08.2025 | 13:0023886
27 avgust kuni Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya O‘zbekistonga kelib, prezident Shavkat Mirziyoyev hamda hamkasbi Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Uchrashuvlarda ikki davlat hamkorligining yangi formati, «Markaziy Osiyo+Yaponiya» sammiti, viza va aviayo‘nalishlar, inson kapitaliga ikkita grant ajratish, xalqaro vaziyat bo‘yicha muloqotlar olib borildi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya 26–27 avgust kunlari O‘zbekistonga keldi. 27 avgust kuni u Toshkentda TIV rahbari Baxtiyor Saidov bilan uchrashib, ikki davlat vazirlari o‘rtasida strategik muloqot boshlanganini e’lon qildi va uning ilk yig‘ilishini o‘tkazdi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha 16 banddan iborat qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Bayonotga ko‘ra, vazirlar Yaponiya va O‘zbekiston hamkorligining mavjud darajasi va izchil rivojlanishini e’tiborga olib, strategik muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaror qilgan. Shuningdek, 2019 yil 19 dekabrda qabul qilingan «Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida»gi qo‘shma bayonotdan so‘ng jarayon yangi sur’at olgani qayd etilgan.
Shu kunning o‘zida Takesi Ivaya Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashgandi. Uchrashuvda ikki davlat strategik sherikligini yanada mustahkamlash, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etilgan.
O‘zbekiston–Yaponiya markazi faoliyatini kengaytirish hamda uning negizida yapon universitetlari ishtirokida qo‘shma universitet tashkil etish rejasi ham qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining Strategik muloqoti birinchi yig‘ilishining samarali natijalari ham aytib o‘tilgan.
Yaponiya TIV matbuot kotibi Kitamura Toshihironing aytishicha, Takesi Ivayaning safaridan maqsad mintaqa bilan muloqotni jonlantirish va hamkorlikni kuchaytirishdan iborat. O‘tgan yilning avgust oyi oxirida o‘sha vaqtdagi hukumat rahbarining zilzila va sunami xavfi sabab qoldirilgan tashrifi hamda «Markaziy Osiyo+Yaponiya» sammiti masalalari muhokama qilingan.
Yapon rasmiylarining ma’lum qilishicha, qoldirilgan «Markaziy Osiyo+Yaponiya» sammitiga tayyorgarlik davom etmoqda, ammo aniq sana hali belgilanmagan.
Ma’lumot uchun, Takesining vazir sifatida Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk bor tashrifi bo‘ldi; u avval Qozog‘istonga borgan, 27 avgust kuni esa Toshkentda 16 banddan iborat qo‘shma kommyunikeni imzolagan.
Matbuot kotibi Kitamura Toshihironing ta’kidlashicha, Yaponiya O‘zbekistonga inson kapitalini rivojlantirish uchun ikki yo‘nalishda grant ajratadi. Birinchisi davlat xizmatchilarini Yaponiyada o‘qitishga, ikkinchisi esa BMTTD doirasida Surxondaryoda kasbiy ta’limga qaratiladi.
Ammo Yaponiya viza olish tartibini yengillashtirish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni ko‘paytirishni rejalashtirmayapti, chunki sayohat vizasi bilan kelib qolib ketuvchi migrantlar soni ko‘paymoqda. Kitamura Toshihiro:
«Yaponiya aholisi 124 mln nafar bo‘lib, keyingi 50 yilda 70–80 mlnga tushib ketish ehtimoli bo‘lsa ham, mamlakat chet ellik ishchi kuchini qabul qilishga shoshilmadi va bunga ehtiyotkorlik bilan yondashadi» — deydi.Kitamura Toshihiro so‘nggi 15 yilda Yaponiyada bir nechta bosh vazir almashgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat o‘zgarmagani, «Markaziy Osiyo+Yaponiya» formati ham davom etishi haqida aytib o‘tgan. Tokio asosiy urg‘uni iqtisodiy rivojlanishga bermoqda, harbiy hamkorlik yoki qo‘shma mashg‘ulotlar masalalari muhokama qilinmagan.





