
O‘zbekiston–Yaponiya o‘rtasida 12 mlrd dollarlik kelishuvlarga erishildi
Tokio safari yakunlari ikki davlat munosabatlarini kengaytirilgan strategik sheriklik bosqichiga olib chiqdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlar va kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirildi. Tashrif O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarini kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga ko‘tardi.
Tokio shahrida o‘tkazilgan muzokaralar davomida Yaponiya Imperatori, Bosh vazir, parlamentning ikki palatasi rahbariyati, hukumat a’zolari, ishbilarmon doiralar va akademik hamjamiyat vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikning an’anaviy gumanitar va texnik ko‘mak formatidan chiqib, uzoq muddatli strategik mazmun kasb etayotganini ko‘rsatdi.
Iqtisodiy sheriklikka alohida e’tibor qaratildi. Ilgari asosan gumanitar loyihalarga tayangan hamkorlik endilikda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarni to‘liq qamrab olmoqda. Shakllantirilgan 12 milliard dollarlik portfel ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va suv resurslari, transport va shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi hamda tabiiy ofatlar xavfini boshqarish sohalarini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, «yashil» energetika, energiyani saqlash tizimlari va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Yetakchi yapon korporatsiyalari bilan uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini qabul qilish taklif etildi.
Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo + Yaponiya muloqotining ilk sammitida ishtirok etishi ham muhim voqea bo‘ldi. Sammitda hududiy bog‘liqlikni chuqurlashtirish, «yashil iqtisodiyot», investitsiyaviy va raqamli sheriklik, inson kapitali salohiyatini oshirish tashabbuslari muhokama qilindi va Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.





