add

O‘zbekiston «yashil» obligatsiyalar va islomiy moliya bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda — Bloomberg

06.10.2025 | 20:2234114

O‘zbekiston tashqi qarz tuzilmasini diversifikatsiya qilish maqsadida ESG obligatsiyalar va islomiy moliya instrumentlarini joriy etish bo‘yicha ishlar boshladi.

O‘zbekiston «yashil» obligatsiyalar va islomiy moliya bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda — Bloomberg
Markaziy Osiyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bo‘lmish O‘zbekiston tashqi qarzni diversifikatsiya qilish va yangi moliya manbalarini kengaytirish maqsadida ESG va islomiy moliya sohalariga yo‘nalmoqda. Mamlakat dollar obligatsiyalari joriy yil boshidan buyon deyarli 14 foizlik daromad qayd etdi. Bu Bloomberg kuzatuvidagi rivojlanayotgan bozorlar o‘rtacha ko‘rsatkichi — 10 foizdan yuqori, deb yozadi nashr. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat 2016 yildan keyin jahon moliya bozorlariga ochilib, erkin valyutani joriy etdi va oltin narxining o‘sishi orqali iqtisodiy faollikni kuchaytirdi. O‘zbekiston 2024 yil may oyida 600 mln yevro miqdorida, keyinroq yana 500 mln yevrolik barqaror rivojlanish obligatsiyalarini joylashtirdi. 2023 yilda esa milliy valyutadagi «yashil» obligatsiyalar chiqargan edi. Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Qarshiboyevning ma’lum qilishicha, hukumat ESG moliyalashtirishni kengaytirish hamda bu sohada muntazam hisobotlar tayyorlashni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, islomiy moliya yo‘nalishida ham qonunchilik bazasini yaratish ishlari boshlangan. Qarshiboyevning ta’kidlashicha, bu yo‘nalish O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlarni ochadi va global sarmoyadorlar qiziqishini oshiradi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti joriy yilning birinchi yarim yilligida 7,2 foizga o‘sdi. Hukumat 2030 yilgacha YAIMni ikki baravarga oshirib, 200 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Shuningdek, xususiylashtirish dasturi va obligatsiyalar orqali xorijiy sarmoyani jalb etish ishlari davom etmoqda. Hukumat qarz tuzilmasini diversifikatsiya qilishga ham e’tibor qaratmoqda: hozirgi paytda uning taxminan 65 foizi AQSH dollarida, 10 foizdan ortig‘i so‘mda, qolgan qismi yevro, yena va yuan kabi valyutalarda. Qarshiboyevga ko‘ra, ichki moliya bozorini rivojlantirish O‘zbekiston uchun eng ishonchli mablag‘ manbai bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid