O‘zbekistonda 1 trln so‘mdan ortiq daromad qilgan ilk fast-fud tarmog‘i paydo bo‘ldi

06.03.2026 | 12:142 daqiqa

Fast-fud bozorida yetakchi o‘zgardi. 2025-yilda KFC daromadini 1 trln so‘mdan oshirib, uzoq vaqt davomida bozor yetakchisi bo‘lib kelgan Evos’ni ortda qoldirdi.

O‘zbekistonda 1 trln so‘mdan ortiq daromad qilgan ilk fast-fud tarmog‘i paydo bo‘ldi

2025-yilda KFC brendi ostida faoliayat olib boruvchi “International Foodchain” MCHJ daromadi 1 trln so‘mdan oshdi. Bu haqda “iHamkor.uz”da joylashtirilgan moliyaviy hisobotlardan ma’lum bo‘ldi.

Kompaniya daromad bo‘yicha asosiy raqobatchisi Evos (Mak Food Servis MCHJ) fast-fud tarmog‘ini ortda qoldirdi.

Evos daromadi 2025-yilda 3,1 foizga kamayib, 835,4 mlrd so‘mni tashkil qildi. KFC daromadi esa aksincha 36,2 foizga oshib, 1 trln so‘mga yetdi.

Yil davomida Evos sof foydasi ham 22,3 foizga qisqarib, 58,6 mlrd so‘mgacha tushib ketdi. KFC foydasi esa aksincha 61,6 foizga ko‘tarilib, 100,4 mlrd so‘mni tashkil qildi.

KFC restoranlar tarmog‘i Evos fast-fud tarmog‘ini quvib o‘tgani Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida ham ko‘rsatilgan.

2025-yilning yanvar oyida Evos’da 300 mingga yaqin cheklar ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, 23,3 mlrd so‘mlik savdo qilingan edi. Bu davrda KFC’da 217 mingdan ortiq cheklar ro‘yxatdan o‘tgan va savdo 22,7 mlrd so‘m bo‘lgan.

2026-yil yanvariga kelib Evos savdosi 22,9 mlrd so‘mga pasaygan bo‘lsa, KFC’ning oylik savdosi 38,3 mlrd so‘mgacha o‘sgan.

KFC O‘zbekistonda qanchalik ommabop?

“Bizning hisoblarimiz bo‘yicha, O‘zbekistondagi bitta KFC restoranning o‘rtacha tushumi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri ekan. Butun dunyoda, Karl!”, — deb yozadi Telegramdagi Beshtor kanali muallifi Timurmalik Elmurodov.

Tahlilchining baholashiga ko‘ra, KFC yetkazib berish agregatorlari — Yandex GO va Uzum Tezkor’da ham buyurtmalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda 1 trln so‘mdan ortiq daromad qilgan ilk fast-fud tarmog‘i paydo bo‘ldi | Vaqt.uz