
O‘zbekistonda 10 oyda soliq huquqbuzarliklari haqida 93 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi
Huquqbuzarlik holati haqida xabar berganlarga undirilgan jarima summasidan 20 foizi, ya’ni jami 27,1 mlrd so‘m mukofot to‘langani ma’lum qilindi.

2025 yilning yanvar–oktabr oylarida Soliq mobil ilovasining «Soliq hamkor» tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 93 239 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Foto: t.me/fiskaltahlil
Qayd etilishicha, murojaatlarning asosiy qismi – 84 266 tasi xarid cheki bermaslik haqida bo‘lgan. Shu jumladan, 3 380 tasi to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaganlik uchun yuborilgan. Shuningdek, 191 tasi plastik karta uchun xarid summasini oshirish hamda 5 402 tasi boshqa turdagi huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, murojaatlarning 47 199 tasi takroriy bo‘lganligi yoki shikoyat kelib tushgan tadbirkorlik sub’ektida tekshiruv davom etayotganligi sababli ko‘rib chiqilmagan.
Murojaatlar asosida 39 457 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, 98,8 foiz holatda huquqbuzarlik tasdiqlangan.
Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xabar bergan fuqarolarga 38 711 ta holat bo‘yicha (undirilgan jarima summasidan 20 foizi) 27,1 mlrd so‘m mukofot to‘langan. Bunda eng ko‘p murojaat yo‘llangan va mukofot berilgan hududlar quyidagilar bo‘ldi:
Toshkent shahri – 6,6 mlrd so‘m;
Samarqand viloyati – 2,7 mlrd so‘m;
Toshkent viloyati – 2,3 mlrd so‘m.





