
O‘zbekistonda 100 mingta yangi Cobalt 2,5 soatda sotildi
UzAuto Motors kompaniyasi 3 noyabr kuni yangi Chevrolet Cobalt avtomobillarini sotishni boshladi. Bor-yo‘g‘i 2 soat 26 daqiqada 100 mingta mashina uchun shartnoma tuzildi, ularning 99 foizdan ortig‘ini jismoniy shaxslar xarid qildi.

UzAuto Motors matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya 3 noyabr kuni soat 10:00 da boshlangan. Bor-yo‘g‘i 2 soat 26 daqiqada mijozlar 100 mingta shartnoma tuzishga ulgurgan.
Shulardan 99 493 tasi jismoniy shaxslar tomonidan OneID orqali avtorizatsiya qilinib rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 507 shartnoma yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Kontraktatsiyaning ilk soatidayoq 53 911 ta shartnoma imzolangan, soat 11:50 ga kelib esa mijozlar soni 88 mingdan oshgan. Shu vaqt ichida kompaniyaning koll-markaziga 876 ta qo‘ng‘iroq kelib tushgan.
UzAvtoSavdo sayti ikki soat davomida 230 mingdan ziyod faol sessiyani qayta ishladi, shulardan ilk soatda 1 soniyada 1180 tagacha yangi sessiya ro‘yxatdan o‘tgan. Shu bilan birga, tizim 560 ta kiberxujumni ham qayd etgan.
Yangi avtomobillarning to‘lovi shartnoma tuzilganidan so‘ng 7 kalendar kuni ichida amalga oshirilishi lozim.
Chevrolet Cobalt’ning yangi MCM modifikatsiyasida 50 dan ortiq asosiy qism yangilangan. Ular orasida motor boshqaruv blogi, gaz taqsimlash tizimi, antiblokirovkalash tizimi (ABS), kruiz-kontrol va CarPlay hamda Android Auto’ni qo‘llab-quvvatlovchi multimedia tizimi mavjud.
UzAuto Motors ma’lumotiga ko‘ra, yangi partiyani sotish ortidan avtosalonlardagi taloto‘pning oldini olish maqsadida barcha shartnomalar faqat onlayn rejimida qabul qilingan. Dilerlik markazlari esa vaqtincha yopilgan va savdo tizimidan uzib qo‘yilgan.
Kompaniya oktyabrdan boshlab shartnomalarga maxsus QR-kodlar joriy etgan — ular orqali xaridorlar o‘z ma’lumotlari, sotuvchi diler haqidagi ma’lumot va to‘lov holatini onlayn tekshirishi mumkin.





