O‘zbekistonda 14 ta xalqaro moliya institutiga so‘mda obligatsiya chiqarishga ruxsat berildi
Ular Toshkent fond birjasida milliy valutada obligatsiyalar joylashtirib, jalb qilingan mablag‘larni O‘zbekistondagi investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.
© uzaO‘zbekiston Milliy istiqbolli loyihalar agentligi (MIYA) mamlakatda milliy valutada qimmatli qog‘ozlar chiqarish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro moliya institutlari ro‘yxatini tasdiqladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tasdiqlangan ro‘yxatga 14 ta nufuzli xalqaro moliya tashkiloti kiritilgan. Ular orasida Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ), Jahon banki guruhi institutlari, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki hamda boshqa yirik xalqaro moliya institutlari bor.
Ro‘yxatdan joy olgan tashkilotlar:
● Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ);
● Jahon banki;
● Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (IBRD);
● Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC);
● Investitsiyalarni kafolatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama agentlik (MIGA);
● Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA);
● Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (AIIB);
● Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB);
● Yevropa investitsiya banki (EIB);
● Yevropa investitsiya jamg‘armasi (EIF);
● Islom taraqqiyot banki (IsDB);
● Yevropa Kengashi taraqqiyot banki (CEB);
● Osiyo taraqqiyot banki (OTB);
● Yevrosiyo taraqqiyot banki (YeTB).
Mazkur qaror 2025 yil avgust oyida tasdiqlangan xorijiy emitentlarning qimmatli qog‘ozlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga asoslangan. Ushbu tartib prezidentning ipoteka bozori va uy-joy qurilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Belgilangan qoidalarga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilgan xalqaro institutlar Toshkent respublika fond birjasida so‘mda obligatsiyalar chiqarishi va joylashtirishi mumkin. Jalb etilgan mablag‘lar faqat O‘zbekiston hududidagi investitsiya hamda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bunday obligatsiyalar emissiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish arizalari soddalashtirilgan tartibda 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, emissiya shartlarini oldindan tasdiqlash talabi bekor qilingan.
Qayd etilishicha, mazkur obligatsiyalarning muomala muddati 12 oydan oshmaydi. Vakolatli organ bilan kelishilgan holda ular soddalashtirilgan tartibdagi birja obligatsiyalari shaklida ham chiqarilishi mumkin.
Vaqt.uz avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 40,5 mlrd so‘m miqdoridagi birlamchi ipoteka obligatsiyalari emissiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani haqida xabar bergandi.





