
O‘zbekistonda 17 ta xorijiy IT-kompaniya o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda
28.05.2025 | 12:5037415
Toshkentda o‘tkazilgan «Growth Point» forumi yakuniga ko‘ra, 17 ta xorijiy kompaniya O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochish niyatida ekani ma’lum bo‘ldi. Forumda 160 dan ziyod xalqaro IT va kreativ industriya vakillari ishtirok etdi.

Toshkentda Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Growth Point: O‘zbekiston raqamli biznes uchun» xalqaro forumi xalqaro IT-kompaniyalar, BPO sohasi, geymdev va kreativ agentliklar vakillarini birlashtirdi. Uch kunlik tadbir O‘zbekistonning mintaqadagi texnologik markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi.
Forumning birinchi kunida strategik sessiyalar tashkil etilib, IT eksport salohiyati, ekotizimni rivojlantirish va investorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos va IT Park rahbari Abdulahad Quchqorov tadbirni ochib berdi.
Ishtirokchilar orasida o‘z biznesini O‘zbekistonda mahalliylashtirgan kompaniyalar ham bo‘lib, ular muvaffaqiyatli tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Voice Solutions VB rahbari Dmitriy Falaleyev ovozli texnologiyalar, Forward Gateway direktori Yelnara Veliyeva mobil o‘yinlar, Artcraft studiyasi rahbari Hasan Salixov esa kreativ xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha ma’ruzalar qildi.
Ikkinchi kuni amaliyotiy vorkshoplar o‘tkazilib, ishtirokchilar biznes boshlash bo‘yicha to‘liq yo‘riqnoma oldi. Qonuniy ro‘yxatdan o‘tish, bank hisoblarini ochish, davlat dasturlariga ulanish kabi mavzular qamrab olindi. Bu sessiyalar, xususan, O‘zbekistonni mintaqaga kirish nuqtasi sifatida ko‘rayotgan kompaniyalar uchun muhim bo‘ldi.
Uchinchi kuni «One Stop Shop» formatida tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni amalga oshirildi. Davlat xizmatlari markazi bilan hamkorlikda 5 ta kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazilib, IT Park rezidenti maqomini olish jarayonini boshladi. Yana 12 ta kompaniya yaqinda o‘z vakolatxonalarini ochish niyatida ekani bildirildi.
bugungi kunda IT Park’da 2800 dan ziyod kompaniya faoliyat yuritmoqda, shundan 650 tasi xorijiy bozorlarga xizmat eksport qilmoqda. 2025 yilda IT Park eksportining 18 foizi MDH mamlakatlariga to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlari doirasida inson kapitaliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keng qamrovli kadrlar tayyorlash dasturlari va xalqaro hamkorlikdagi loyihalar xizmat eksportining barqaror modelini shakllantirmoqda.
«Growth Point» forumi O‘zbekistonni Yevrosiyo mintaqasida raqamli biznes markazi sifatida ko‘rsatdi. Mamlakat nafaqat biznes uchun qulay muhit yaratib, balki texnologik transformatsiya jarayonlarini boshqarishda o‘z imkoniyatlarini namoyon etmoqda.





