Logo

O‘zbekistonda 172 ming gektar intensiv bog‘lar barpo etiladi

Bugun 10:452 daqiqa

Yer egalari belgilangan muddatlarda yangi bog‘ yoki tokzor barpo etmasa, yer solig‘i va suvdan foydalanganlik solig‘i stavkalari uch baravarga oshiriladi.

O‘zbekistonda 172 ming gektar intensiv bog‘lar barpo etiladi © unsplash.com

O‘zbekiston prezidentining «Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 2026–2028 yillarda mamlakat bo‘ylab 172 ming gektar sanoatlashgan bog‘lar tashkil etish maqsad qilingan.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1-iyuldan boshlab eskirgan bog‘larni yaroqsiz deb topish hamda ular o‘rnida yangi intensiv bog‘lar barpo etish yoki yerlarni haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha xulosa berish vakolati Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ham beriladi.

Yangi talablar

Agentlik tomonidan berilgan xulosadan keyin yer egalari belgilangan muddatlarda yangi bog‘ yoki tokzor barpo etishi shart bo‘ladi. Agar 12 oy davomida yangi bog‘ tashkil etilmasa, mazkur maydon uchun yer solig‘i va suvdan foydalanganlik solig‘i stavkalari uch baravarga oshiriladi.

Shuningdek, 24 oy mobaynida yangi bog‘ yoki tokzor barpo etilmagan hollarda ushbu yer maydonlarida suv olish taqiqlanadi. Hukumat bu orqali qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishni ta’minlashni ko‘zlamoqda.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash

Farmon intensiv bog‘lar yaratish uchun qator moliyaviy imtiyozlarni ham nazarda tutadi. Jumladan, tijorat banklari orqali har gektar uchun 120 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan va yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.

Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan ochilgan kredit liniyalari orqali ham tadbirkorlarga milliy valutada yillik 14 foiz stavkada kreditlar beriladi. Bundan tashqari, xorijdan «in-vitro» usulida yetishtirilgan sertifikatlangan mevali ko‘chatlarni import qilish uchun har bir ko‘chatga 5 AQSH dollarigacha ekvivalent miqdorda, 18 oygacha muddatli imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Teglar

Mavzuga oid