
O‘zbekistonda 2030 yilgacha issiq suv va isitishga subsidiyalarni to‘liq bekor qilish rejalashtirilmoqda
08.07.2025 | 18:3035154
Issiq suv va isitish sohasidagi byudjet subsidiyalaridan butunlay voz kechish rejasi 2030 yilgacha amalga oshiriladi. Bu jarayon bosqichma-bosqich olib borilib, tariflar yilda bir yoki ikki marta qayta ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston hukumati issiq suv va isitish xizmatlariga beriluvchi subsidiyalarni 2030 yilga qadar to‘liq tugatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 8 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Issiqlikta’minoti» davlat kompaniyasi rahbari Ilhom To‘rayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkent va boshqa hududlarda aholi uchun issiq suv va isitish xizmatlariga imtiyozli tariflar qo‘llanmoqda. Bozor narxi bilan amaldagi tariflar orasidagi farq davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
«Sohani rivojlantirish uchun subsidiyalardan voz kechish zarur. Lekin buni bir zumda amalga oshirish qiyin. Biz 2030 yilgacha bosqichma-bosqich bu tizimdan chiqishni maqsad qilganmiz. Buning uchun tariflarni yilda kamida bir-ikki marta qayta ko‘rib chiqib borishimiz kerak», — dedi Ilhom To‘rayev.
Uning ta’kidlashicha, tariflarni bosqichma-bosqich oshirish orqali aholi uchun yuzaga keladigan iqtisodiy zarbani yumshatish mumkin. Bu esa davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larni qisqartirishga yordam beradi.
2024 yil dekabrida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham issiqlik ta’minoti sohasidagi vaziyat elektr energiyasi va gazga nisbatan ancha murakkab ekanini tan olgan edi. Uning aytishicha, tariflar va bozor narxi o‘rtasidagi katta farq hamda mintaqalardagi noqulay infratuzilma bu jarayonni mushkullashtirmoqda.
Qo‘chqorov markazlashgan isitish tizimida o‘lchov uskunalarining yetishmasligi, texnologiyalarning eskirgani va xizmatning qimmatligi masalalarini ham ta’kidlab o‘tdi. Hukumat 2025–2026 yillarda xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajadagi tariflarni joriy etishga hali tayyor emasligini tan olmoqda.





