
O‘zbekistonda 60 ming o‘qituvchi 8–12 mln so‘m maosh olmoqda
15.05.2025 | 14:1510733
O‘zbekistonda o‘qituvchilar uchun joriy etilgan ustama tizimi o‘z samarasini bermoqda. Prezident Mirziyoyev ma’lum qilishicha, ayni paytda 60 mingdan ziyod o‘qituvchi 8–12 million so‘m miqdorida maosh olmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, malaka, til bilish, baholash usullari va olimpiadalarda ishtirok kabi mezonlar asosida 10 dan ortiq ustama joriy qilingan. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7–10 million so‘mdan oshadi.
Prezident ta’kidlaganidek, so‘nggi 7 yilda ta’limga yo‘naltirilayotgan mablag‘ 7 barobarga oshgan. 2024 yilda ushbu sohaga 60 trillion so‘m ajratiladi. Maktab va bog‘chalarda 2,5 million yangi o‘rin yaratilgan, bog‘cha qamrovi esa 78 foizga yetkazilgan.
Bundan tashqari, bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshirilib, maktab o‘qituvchilari bilan tenglashtirilgan. Lekin o‘qituvchilarning bilim va malakasiga doir muammolar hali ham borligini prezident qayd etdi.
Jumladan, 2023 yilda toifa berish imtihonida qatnashgan 341 ming o‘qituvchidan 102 ming nafari sinovdan o‘ta olmagan. Yangi ishga qabul tizimi orqali esa 13 ming nomzoddan 6 ming nafari bilim yetishmasligi tufayli ishga qabul qilinmagan.
Muammolardan yana biri — xususiy oliygohlarda kimyo, biologiya va fizika fanlari bo‘yicha o‘qituvchi kadrlar tayyorlanmayotganidir.





