
O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha jamoat eshituvlari noyabr–dekabrda o‘tkaziladi
08.10.2025 | 20:2040794
AES qurilishiga oid jamoat eshituvlari yil oxirida bo‘lib o‘tadi. Muhokama natijalariga ko‘ra, loyiha va shartnomaga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin, ammo kelishuvni bekor qilish rejalashtirilmagan.

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi bo‘yicha jamoat eshituvlari 2025 yil noyabr–dekabr oylariga belgilandi. Bu haqda AES qurish direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov Jizzax viloyati Farish tumanidagi qurilish maydonida o‘tkazilgan matbuot-tur vaqtida ma’lum qildi.
Kalmuratovning so‘zlariga ko‘ra, AES uchun ajratilgan maydon 2018 yildan buyon ekologik nuqtai nazardan chuqur o‘rganilmoqda. Loyiha doirasida flora va fauna holati, yer osti suvlari, atmosfera havosi, meteorologik va seysmik ma’lumotlar tahlil qilingan. «O‘zatom» ekologik ta’sirni baholash (OVOS) uchun ilmiy va loyiha institutlarini jalb etgan.
Jamoat eshituvlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan reglament asosida o‘tkaziladi. Ularda Jizzax viloyati hokimligi vakillari, jurnalistlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etadi. Eshituvlar savol-javob formatida o‘tkazilib, yakunda ovoz berish orqali natija chiqariladi.
Abdujamil Kalmuratov so‘zlariga ko‘ra, jamoat eshituvlari natijasida «Rosatom» bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish emas, balki ayrim bandlarini takomillashtirish imkoniyati muhokama qilinadi. «Bu yerda gap shartnomani buzish haqida emas. Agar zarur bo‘lsa, ayrim o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, AES qurilishi loyihasi tijorat emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega. «Bu — butun iqtisodiyotni o‘z ortidan yetaklovchi flagman loyiha», — deya qo‘shimcha qildi Kalmuratov.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida «O‘zatom» direktori Azim Ahmedxojayev ham jamoat eshituvlari dasturi yaqin kunlarda boshlanishini ma’lum qilgan va «jamoat fikrisiz bir qadam ham tashlanmaydi», degan edi.





