
O‘zbekistonda aliment to‘lovining eng kam miqdori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin
27.06.2025 | 10:402874
Oliy Majlis Senatida aliment to‘lovlari hajmini qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilindi. Mutaxassislar aliment miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan ikki barobar kam ekanini tanqid qildi. Parlament Vazirlar Mahkamasiga so‘rov yo‘lladi.

2025 yil 26 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalar uchun aliment to‘lash tizimini takomillashtirish masalasi muhokama qilindi. Majlisda Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Muhokama davomida alimentning eng kam miqdori amaldagi minimal iste’mol xarajatlaridan ikki barobar kam ekani ta’kidlandi. Hozirda Oila kodeksining 99-moddasiga muvofiq, bir bola uchun aliment miqdori ish haqining eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. bugungi kunda bu 306 ming so‘mni tashkil etmoqda, biroq 2025 yil yanvaridan minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘m etib belgilangan.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Mo‘ydinova aliment miqdorini bola yoshini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi.
Bundan tashqari, ish joyi yo‘q va daromadi rasmiy aniqlanmagan shaxslardan aliment undirish bo‘yicha muammolar mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning xalqaro tartibi to‘g‘risidagi Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish, «Aliment to‘lovlari» jamg‘armasi manbalarini kengaytirish va aliment bo‘yicha ma’lumotlarni yagona axborot tizimiga ulash vazifalari kechikyotgani tanqid qilindi.
Statistikaga ko‘ra, 2023 yilda 5 697 kishi, 2024 yilda esa 8 833 kishi aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 2024 yilda sudlar tomonidan 1 109 ta ayblov hukmi chiqarilgan.
Mutaxassislar aliment to‘lovlarini bolalar nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida to‘plash tartibini yuridik jihatdan mustahkamlashni ham taklif qildilar. bugungi kunda ushbu mablag‘lar tegishli hisobvarag‘larga o‘tkazilmayapti.
Parlament so‘rovida aliment tizimini isloh qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish Vazirlar Mahkamasidan so‘raldi.





