
O‘zbekistonda aprel oyida elektromobillar importi 6,8 barobarga oshdi
27.05.2025 | 12:1534574
2025 yil aprel oyida O‘zbekistonda yengil avtomobillar importi 1,31 barobarga oshdi. Ayniqsa, elektromobillar importida keskin o‘sish qayd etildi — ularning ulushi 62 foizga yetdi. Shu bilan birga, benzin va gibrid avtomashinalar importi ancha kamaydi.

O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil aprel oyida mamlakatga 5111 ta yengil avtomobil olib kirildi. Bu 2024 yilning shu oyiga nisbatan miqdor jihatidan 1,31 barobar, qiymat jihatidan esa 1,14 barobar ko‘pdir. Umumiy import hajmi 98,54 mln dollarni tashkil etdi.
Aprel oyida benzinda harakatlanuvchi yengil avtomobillar importi 1654 dona bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,43 barobar kamaygan. Qiymat jihatidan bunday avtomobillar importi 55,7 mlndan 36,24 mln dollargacha qisqardi. Shuningdek, ularning o‘rtacha narxi ham pasayib, 21,91 ming dollarni tashkil etdi.
Elektromobillar importi esa keskin o‘sib, 470 tadan 3193 taga yetdi. Bu 6,79 barobar o‘sish demakdir. Qiymat jihatidan import 6,88 barobarga ko‘payib, 57,08 mln dollarni tashkil etdi. Elektromobillarning o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarishsiz qoldi — 17,87 ming.
Gibrid avtomobillar importi esa 4,37 barobarga kamaydi va 235 dona bo‘ldi. Umumiy qiymati 4,62 mln dollarni tashkil etdi, o‘rtacha narxi esa 21,17 mingdan 19,67 ming dollargacha tushdi. Shu bilan birga, birinchi marta 29 ta dizel dvigatelli yengil avtomobillar ham import qilindi.
Oy yakunlari bo‘yicha import tarkibi sezilarli o‘zgardi. Benzinli mashinalar ulushi 61,1foizdan 32,38 foizga, gibridlarniki 26,4 foizdan 4,5 foizga tushdi. Elektromobillar ulushi esa 12,08 foizdan 62,4 foizgacha ko‘tarildi.
Joriy yilning to‘rt oyi davomida avtomobillar importi 2,17 barobarga kamayib, 14 068 tani tashkil etdi. Umumiy qiymat esa 2,68 barobarga pasayib, 213,55 mln dollar bo‘ldi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, elektromobillar importi bo‘yicha so‘nggi cheklovlar uning hajmida sezilarli tushishga olib kelgan.





