add

O‘zbekistonda bank kreditlarining 36 foizi jismoniy shaxslarga to‘g‘ri kelmoqda

28.10.2025 | 09:202082

2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tijorat banklari kredit portfeli 582,2 trln so‘mga yetdi. Jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar ulushi 36 foizni tashkil etdi va yil davomida 23 foizga oshdi.

O‘zbekistonda bank kreditlarining 36 foizi jismoniy shaxslarga to‘g‘ri kelmoqda

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra,  2025 yil 1 oktyabr holatiga kredit portfeli 582,2 trln so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga ko‘pdir.

Kreditlar tuzilishida eng katta ulush jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keladi — 208,6 trln so‘m. Bu umumiy portfelning 36 foizni tashkil etadi va o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga ko‘p. Banklar aholi uchun iste’mol, uy-joy va ta’lim kreditlari bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Sanoat sektoridagi kreditlar hajmi 146,3 trln so‘mni tashkil etdi (portfelning 25 foizi), bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1 foizga kamaygan. Qishloq xo‘jaligida esa 59,4 trln so‘m miqdorida kredit ajratilgan — bu 14 foiz o‘sish bo‘lib, umumiy ulush 10 foiz darajasida saqlanib qoldi.

Qurilish sohasida kredit hajmi keskin oshgan — 17,2 trln so‘m, ya’ni 3 foiz ulush bilan o‘tgan yilga nisbatan 33 foiz o‘sish qayd etilgan. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga 40,9 trln so‘m miqdorida kredit ajratilgan, bu 7 foiz ulush va 18 foiz yillik o‘sishni ko‘rsatadi.

Transport va kommunikatsiyalar sohasida esa pasayish kuzatilgan — kreditlar hajmi 32,5 trln so‘mni tashkil etib, portfelning 6 foizini egallamoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga kam. Moddiy-texnika ta’minoti sohasida kreditlar 21 foizga oshib, 4,5 trln so‘mga yetgan, uy-joy-kommunal xizmatlarda esa 1,8 trln so‘mgacha kamaygan (–21 foiz).

Qolgan iqtisodiy tarmoqlardagi kreditlar 71 trln so‘mga yetdi, bu 12 foiz ulush va 23 foiz yillik o‘sishni anglatadi. Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, kredit faoliyatidagi o‘sish iqtisodiyotdagi ichki talab va xususiy sektor faolligining ortishi bilan izohlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid