add

O‘zbekistonda bank ombudsmani joriy etilishi mumkin

22.09.2025 | 16:3021494

Markaziy bank yangi tuzilma orqali banklar va tadbirkorlar o‘rtasidagi sudgacha bo‘lgan nizolarni keskin kamaytirishni ko‘zlamoqda.

O‘zbekistonda bank ombudsmani joriy etilishi mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdialiyev bank xizmatlari bo‘yicha ombudsman institutini joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu yangilik banklar va tadbirkorlar o‘rtasida sudgacha yetib boradigan nizolarni sezilarli darajada qisqartiradi. Turdialiyevga ko‘ra, ombudsman xizmati Markaziy bank aralashuvi va tushuntirishlari orqali dastlabki bosqichda nizolarni hal qilish imkonini beradi. Bu esa bank xizmatlaridan foydalanuvchilarni himoya qilish tizimini yangi bosqichga ko‘tarishi mumkin. Mazkur tashabbus Islom moliyasiga oid qonun loyihasi muhokamasi jarayonidailgari surildi. O‘zLiDeP deputati Dilmurod Ortiqov standartlar va ularni tartibga solish masalalariga to‘xtaldi. Turdialiyev esa islomiy moliyaviy xizmatlar xalqaro standartlarga asoslanishi kerakligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro buxgalteriya va standartlar tashkilotlari belgilariga mos ishlash xorijiy investorlar uchun ham aniqlik yaratadi. Shu bilan birga, kelgusida Markaziy bank huzuridagi Islom moliyasi kengashi ham xuddi shunday tarzda ombudsmanga o‘xshash funksiyalarni bajarishi mumkin. Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda bank ombudsmani mustaqil shaxs sifatida banklar va jismoniy shaxs qarz oluvchilari o‘rtasidagi nizolarni hal qiladi. Rossiyada esa bu vazifani moliyaviy vakil bajaradi. Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga oid tashabbusning asosiy maqsad va cheklovlarini, litsenziya masalasidagi yangiliklarni, shuningdek 2018 yildan buyon davom etayotgan jarayonlarni hamda o‘zbekistonliklarning bu xizmatlarga qay darajada ehtiyoji borligini tahlil qilgan edi. 

Teglar

Mavzuga oid